Tyerri Anri Bundesliga va APL darajasi haqida fikr bildirdi
«Arsenal» va «Barselona» klublarining sobiq hujumchisi Tyerri Anri Germaniya chempionati darajasi haqida tanqidiy fikr bildirdi. Uning aytishicha, Bundesliganing sifati Angliya Premyer-ligasidan ancha past, ayniqsa futbolchilarga qo‘yiladigan talablar borasida farq juda seziladi.
Anri ikki yirik Yevropa ligasi o‘rtasidagi farqlarni kuzatgan holda o‘z mulohazalarini ulashdi. Uning ta’kidlashicha, Bundesligadan APLga o‘tgan futbolchilar moslashuv jarayonida katta qiyinchiliklarga duch keladi. Mutaxassis o‘yin intensivligi hamda futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi talablaridagi katta tafovutlarga urg‘u berdi.
«Meni har doim Bundesligadagi futbolchilar hayratga solgan. U yerda vaziyatlar juda ko‘p yaratiladi, shunchaki yugurib ham gol va assistlar statistikasini to‘ldirish mumkin. Premyer-ligada esa bunday emas — futbolchilar juda tezkor va sening ortingdan qolishmaydi. Germaniyadan Angliyaga o‘tayotganlar uchun bu jarayon oson emas», — deydi Anri.
Tyerri Anri o‘z professional faoliyati davomida hech qachon Germaniya chempionatida to‘p surmagan. U 2012 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagan, faoliyatining asosiy qismini Angliya, Ispaniya hamda MLSda o‘tkazgan.