Tyago Mottaga uchta xorij klubidan taklif bor
Italiyalik mutaxassis Tyago Motta murabbiylik faoliyatini tiklashga yaqin turibdi. 43 yoshli mutaxassis xizmatlariga ayni paytda uchta nufuzli klub — «Latsio», «Lill» va Leverkuzenning «Bayer» jamoalari jiddiy qiziqish bildirmoqda. Taniqli insayder va jurnalist Nikolo Skiraning xabar berishicha, Mottaning katta futbolga qaytishi kelayotgan yangi mavsumdayoq amalga oshishi mumkin.
Mottaning oʻzi ham yaqin kelajakda murabbiylik kursisiga qaytishga toʻliq tayyor ekanini maʼlum qilgan.
Eslatib oʻtamiz, uning soʻnggi ish joyi Turinning «Yuventus» klubi boʻlgan edi. Biroq uning «keksa sinyora» rulidagi faoliyati uzoqqa choʻzilmadi — mutaxassis qoniqarsiz natijalar tufayli 2025 yilning mart oyida (atigi bir yillik faoliyatdan soʻng) Turin klubini tark etishga majbur boʻlgandi. Tyago Motta murabbiylik faoliyati davomida, shuningdek, «Bolonya», «Spetsiya» va «Jenoa» klublarini ham boshqargan.