Tyago Alkantara «Liverpul»da Andoni Iraolaning murabbiylar shtabiga qoʻshilishi mumkin
Sobiq futbolchi Tyago Alkantara «Liverpul» klubida Andoni Iraolaning murabbiylar shtabidan joy olishi mumkin. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Yakunlangan mavsumda Tyago «Barselona»da Hans-Diter Flik jamoasida faoliyat yuritdi va ushbu lavozimda oʻzini ijobiy tomondan koʻrsata oldi. Ispaniyalik mutaxassis Andoni Iraola esa Arne Slot isteʼfoga chiqarilganidan keyin «Liverpul» bosh murabbiyligiga asosiy daʼvogar boʻlib turibdi. 43 yoshli murabbiyning soʻnggi jamoasi «Bornmut» boʻlgan edi va u joriy mavsum yakunlangach, klubni tark etdi. Iraola qoʻl ostida «vishnyalar» 57 ochko jamgʻarib, turnir jadvalida oltinchi oʻrinni egallashdi. «Liverpul» esa 60 ochko bilan beshinchi pogʻonadan joy oldi. Ispaniyalik mutaxassis «Bornmut»ni 2023 yilning yozidan buyon boshqarib kelayotgan edi.
Maʼlumot uchun, Tyago Alkantara futbolchilik faoliyati davomida «Liverpul», «Barselona» va «Bavariya» kabi klublarda toʻp surgan. Alkantara professional futbolchilik faoliyatini 2024 yilning iyul oyida yakunlagan edi.