Tuxel 2022-yilda Ronalduning “Chelsi”ga transferini to‘xtatgani ma'lum bo'ldi
Krishtianu Ronaldu 2022-yilda “Manchester Yunayted”dan “Chelsi”ga o‘tishga yaqin bo‘lgan, biroq o‘sha paytdagi bosh murabbiy Tomas Tuxel transferga qarshi chiqqan. London klubi rahbari Todd Boeli portugaliyalik yulduzni jamoaga olib kelish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqqan. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Boeli 2022-yil yozida Ronalduning o‘sha paytdagi agenti Jorje Mendesh bilan uchrashgan va hujumchini “Stamford Bridge”ga olib kelish g‘oyasiga qiziqish bildirgan. Ammo Tuxel bu transferga bir necha bor qat’iy qarshilik ko‘rsatgan va yakunda “Chelsi” muzokaralarni davom ettirmagan.
O‘sha vaqtda Ronaldu “Manchester Yunayted”ni tark etish istagini bildirgan va uning kelajagi atrofida ko‘plab mish-mishlar tarqalgan edi. “Chelsi” esa Rahim Sterlingni qo‘lga kiritgach, asosiy e’tiborini boshqa pozitsiyalarni kuchaytirishga qaratgan.
Ma’lumot uchun, Ronaldu 2022-yil noyabrida “Manchester Yunayted” bilan shartnomasini o‘zaro kelishuv asosida bekor qilgan. Keyinchalik u Saudiya Arabistonining “Al-Nassr” klubiga ko‘chib o‘tgan.