Trevo Chaloba bir oydan ko'proq maydonga tusha olmaydi
«Chelsi» bosh murabbiyi Liem Rosenor himoyachi Trevo Chaloba jarohati sabab bir oydan ko‘proq vaqtni o‘tkazib yuborishini ma’lum qildi.
26 yoshli futbolchi Chempionlar ligasi 1/8 finali doirasida «PSJ»ga qarshi kechgan javob uchrashuvida (0:3, birinchi o‘yin – 2:5) to‘pig‘idan jarohat olgan edi. U maydonni zambilda tark etgandi.
«Trevning yo‘qligi doim yomon, lekin jarohat biz boshida o‘ylaganchalik og‘ir emas. U baribir jiddiy, ammo tiklanish taxminan olti hafta davom etadi», — dedi murabbiy.
Filip Yorgensen haqida: «Filip skanerdan o‘tdi va unga kichik jarrohlik amaliyoti kerak bo‘ldi. U qadar jiddiy emas, bu bir necha hafta vaqt talab etadigan masala».
Ris Jeyms haqida: «Risning holatini terma jamoalar tanaffusidan keyin batafsilroq baholaymiz. Unchalik jiddiy emas, lekin sonning orqa mushagida nimadir bor. Uning holatiga tanaffusdan so‘ng aniqlik kiritamiz», — dedi Rosenor.