Trent Aleksander-Arnold mavsum yakunlangach «Liverpul»ni tark etayotganini e'lon qildi
«Liverpul» himoyachisi Trent Aleksander-Arnold joriy mavsum tugagach jamoani tark etishini ma'lum qildi. U bu haqda shaxsiy ijtimoiy tarmoqlarida yozdi.
«20 yildan so‘ng aytishga to‘g‘ri kelyapti: mavsum tugaganidan keyin «Liverpul»ni tark etaman. Bu hayotimdagi eng og‘ir qaror. Nega shu paytgacha jim yurganimni ko‘pchilik so‘raganini bilaman. Lekin men jamoaning asosiy maqsadi — 20-chempionlikka erishishga bor diqqatimni qaratdim. Bu klub men uchun 20 yillik hayot, muhit bo‘ldi. Akademiyadan to bugungacha klub ichida va tashqarisidagi odamlardan muhabbat va yordam oldim. Hammaga abadiy minnatdorman. Endi esa yangi sinovni qabul qilish, o‘zimni yangi sharoitda sinab ko‘rish vaqti keldi. Kun sayin bor kuchim bilan ishladim va umid qilamanki, sizlar bundan xabardor bo‘lgansiz. Barchaga — murabbiylarga, rahbariyatga, jamoadoshlarimga, xodimlarga va ajoyib muxlislarga — so‘nggi 20 yil uchun tashakkur.
«Liverpul»da orzum ro‘yobga chiqdi va birgalikda kechirgan o‘sha betakror lahzalarni umrim bo‘yi eslab yuraman. Bu klubga bo‘lgan muhabbatim hech qachon so‘nmaydi», — deb yozdi Arnold.