«Tottenhem»ning joriy mavsumdagi asosiy maqsadi maʼlum boʻldi
Londonning «Tottenhem» klubi rahbariyati jamoaning joriy mavsumdagi asosiy maqsadini belgilab oldi. The Touchline nashrining xabar berishicha, bosh murabbiy Igor Tudor oldiga jamoani turnir jadvalining kuchli o‘nligiga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan. Agar xorvatiyalik mutaxassis ushbu maqsadga erisha olsa, klub rahbariyati u bilan amaldagi shartnomani uzaytirish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor.
Hozirgi vaqtda Tudorning «shporlar» bilan imzolagan shartnomasi joriy yozda o‘z nihoyasiga yetadi. Angliya Premyer-ligasining 26-turidan so‘ng «Tottenhem» ancha murakkab holatga tushib qolgan: jamoa 29 ochko bilan turnir jadvalining 16-pog‘onasini egallab turibdi. Kuchli o‘nlikdan joy olgan jamoalar bilan farq ayni damda 7 ochkoni tashkil etmoqda.
Igor Tudor shogirdlari uchun navbatdagi sinov nihoyatda jiddiy kechishi kutilmoqda. «Tottenhem» o‘zining prinsipial raqibi — «Arsenal»ga qarshi Shimoliy London derbisida maydonga tushadi. Mazkur uchrashuv 22 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:30da start olishi rejalashtirilgan.