«Tottenhem»ning ikki futbolchisi avtofalokatga uchradi
«Tottenhem» muxlislari Chempionlar Ligasining muhim bahsi oldidan biroz xavotirga tushishdi. Jamoa hujumchisi Randal Kolo Muani va yarimhimoyachi Vilson Odober yo‘l-transport hodisasiga duch kelishdi. Bu haqda insayder Ben Jeykobs jamoa bosh murabbiyi Tomas Frankka tayanib xabar berdi.
Voqea tafsilotlariga ko‘ra, futbolchilar aeroportga ketayotgan vaqtda Kolo Muanining «Ferrari» rusumli avtomobilida shina portlab ketgan. Oqibatda xavfsizlik yostiqchalari ham ishga tushgan. Vilson Odober esa boshqa mashinada jamoadoshining ortidan kelayotgan bo‘lgan va unga yordam berish uchun to‘xtagan.
Tomas Frank ushbu vaziyatga quyidagicha izoh berdi:
«Randal Kolo Muani va Vilson Odober kichik avtohalokatga uchradi, biroq har ikkisi ham o‘zini yaxshi his qilmoqda. Hodisaga shina portlab ketgani sabab bo‘lgan. Ular biroz kechikish bilan bo‘lsa-da, bugun kechqurun Frankfurtga yetib borishadi».
Eslatib o‘tamiz, bugun, 28 yanvar kuni «Tottenhem» Chempionlar Ligasi 8-turi doirasida safarda «Ayntraxt» mehmoni bo‘ladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan tunda, Frankfurt Arena stadionida start oladi. Murabbiyning ta’kidlashicha, ushbu ko‘ngilsiz hodisaga qaramay, har ikki futbolchi ham bo‘lajak bahsda ishtirok etishga tayyor.