«Tottenhem» Ryudiger transferi boʻyicha muzokaralarni boshladi
Madridning «Real» klubi himoyachisi Antonio Ryudiger joriy mavsum yakunlangach, faoliyatini yana Angliya Premyer-ligasida davom ettirishi mumkin. TEAMtalk nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, «Tottenhem» germaniyalik tajribali himoyachini yozgi transfer oynasida o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Ryudigerning madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, hozircha yangi bitim borasida rasmiy kelashuvga erishilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi Angliyaga qaytish istagida va buning uchun hatto amaldagi maoshining sezilarli darajada kamayishiga ham rozi.
Himoyachi uchun kurashda «shporlar»dan tashqari Londonning yana ikki klubi — «Vest Hem» va «Kristal Pelas» ham faollik ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Ryudigerda faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettirish varianti ham mavjud bo‘lib, u yerda futbolchiga katta moliyaviy paket taklif etilishi kutilmoqda.
Ryudiger 2022 yilda erkin agent sifatida «Chelsi»dan «Real»ga o‘tgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida u jamoaning muhim bo‘lagiga aylandi, biroq Transfermarkt hozirda 32 yoshli (mart oyida 33 ga to‘ladigan) futbolchining bozor qiymatini 12 million yevro deb baholamoqda. Madrid klubi ham himoya chizig‘ini yoshartirish maqsadida Niko Shlotterbek kabi yangi nomzodlarni ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar bor.