“Tottenhem” Richarlison bo‘yicha yakuniy qaror qabul qildi
“Tottenhem” braziliyalik hujumchi Richarlisonni asosiy tarkibga qaytarishni rejalashtirmayapti. Klub futbolchi bilan qishda xayrlashishga tayyor va uning bosh murabbiy Roberto De Zerbi bilan munosabatlari tiklanishi deyarli imkonsiz deb hisoblanmoqda. Bu haqda insayder Fabritsio Romano Men in Blazers podkastida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, De Zerbi mavsum boshida Richarlisonni jamoada olib qolishni istagan va unga yangi shartnoma masalasini muhokama qilishni taklif qilgan. Biroq futbolchining o‘zi klubni tark etish niyatida bo‘lgan. Vaziyat yozgi transfer oynasining so‘nggi kunlarida yanada keskinlashgan.
“Tottenhem” va “Everton” Richarlisonning sobiq klubiga qaytishi hamda Iliman Ndiayening London jamoasiga o‘tishi bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Ammo braziliyalik hujumchi “Everton”ga qaytishni rad etgach, har ikki transfer ham amalga oshmay qolgan. Shundan keyin klub Richarlisonni Premyer-liga qaydnomasidan chiqarib tashlagan va endi uni yanvar oyida sotishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, “Tottenhem” Richarlisonni 2022-yilda “Everton”dan 60 million funt sterling evaziga sotib olgan. 29 yoshli futbolchining London klubi bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha mo‘ljallangan.