«Tottenhem» qishki transferlar vaqtida Marmushni oʻz safiga qoʻshib olmoqchi
Londonning «Tottenhem» klubi yanvar oyidagi transfer oynasida «Manchester Siti» hujumchisi Omar Marmushni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu qaror yozda «Jirona» vingeri Savioni transfer qilish borasidagi urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangach yanada dolzarb bo‘lib qoldi. Shuningdek, «Bornmut» hujumchisi Antuan Semenyu bo‘yicha kelishuv ehtimoli tobora kamayib borayotgani londonliklarni muqobil variantlar izlashga majbur qilmoqda. Bu haqda TEAMtalk xabar bermoqda.
26 yoshli misrlik futbolchi «Manchester Siti» safiga 2025 yil yanvar oyida «Ayntraxt» klubidan 68 mln yevro evaziga kelib qo‘shilgan. Biroq «Etihad» stadionida uning o‘yin vaqti Erling Holandning asosiy hujumchi sifatidagi ustunligi hamda Savio, Jeremi Doku, Bernardu Silva, Oskar Bobb va Fil Foden kabi futbolchilar bilan kuchli raqobat sababli cheklangan bo‘lib qolmoqda.
Joriy mavsumda Marmush atigi 15 ta uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lib, ularning aksariyatida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan. Premyer-liga doirasida hujumchi jami 206 daqiqa maydonda harakat qilgan, xolos. Ayni paytda Marmush Misr terma jamoasi safida Marokashda o‘tayotgan Afrika millatlar kubogida ishtirok etmoqda.
Manbaga ko‘ra, «Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Marmushni qo‘yib yuborish niyatida emas, chunki mutaxassis futbolchini zich o‘yin taqvimi sharoitida rotatsiya uchun muhim figuraga aylangan deb hisoblaydi. «Tottenhem»ning «shaharliklar» bilan muzokara olib borish borasidagi yagona real imkoniyati futbolchini sotib olish huquqi bilan ijaraga olish varianti bo‘lishi mumkin.