«Tottenhem» Jon Stouns va «Brayton» yulduzlarini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi
Londonning «Tottenhem» klubi joriy mavsum yakunlangach «Manchester Siti»ni tark etadigan markaziy himoyachi Jon Stounsni sotib olish variantini ko‘rib chiqmoqda. The Independent nashrining xabar berishicha, londonliklar 31 yoshli futbolchida jamoa uchun juda zarur bo‘lgan haqiqiy yetakchini ko‘rishmoqda. Shuningdek, «shporlar» bosh murabbiyi Roberto De Zerbi jamoaga yangi darvozabon ham olib kelmoqchi va nomzodlar qatorida «Manchester Siti» posboni Jeyms Trafford ham bor.
Italiyalik mutaxassis tarkibni kuchaytirish uchun o‘zining sobiq jamoasi «Brayton» futbolchilari xizmatiga murojaat qilishi mumkin. De Zerbi ayni paytda himoyachi Yan Paul van Xekke, yarimhimoyachi Karlos Baleba hamda darvozabon Bart Verbryuggenni o‘z jamoasida ko‘rishga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Sobiq shogirdlarining transferi murabbiy uchun ustuvor vazifalardan biri bo‘lib turibdi.
Bundan tashqari, «Tottenhem»ning transfer nishonida «Bornmut» himoyachisi Markos Senesi hamda «Liverpul» a’zosi Endryu Robertson ham bor. Har ikki futbolchi ham joriy mavsum yakuniga yetgach, erkin agent sifatida o‘z klublarini tark etishi aniq bo‘lib ulgurgan. London klubi rahbariyati yozgi transfer oynasida ushbu himoyachilarni tekinga qo‘lga kiritish uchun hozirdanoq harakatlarni boshlab yuborgan.