«Tottenhem» gʻalabasiz oʻyinlar soni boʻyicha klub antirekordini oʻrnatdi
Londonning «Tottenhem» klubi Angliya Premyer-ligasining 31-turi doirasida o‘z maydonida «Nottingem Forest»ga (0:3) imkoniyatni boy berib, o‘z tarixidagi eng yomon natijani qayd etdi. Londondagi «Tottenham Hotspur» stadionida o‘tgan bahsdagi mag‘lubiyat jamoaning chempionatdagi g‘alabasiz seriyasini 13 ta o‘yinga yetkazdi.
Squawka nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, klubning bundan avvalgi antirekordi naqd 91 yil avval o‘rnatilgan edi. «Shporlar» 2025 yilning 28 dekabr kuni 18-tur doirasida «Kristal Pelas» (1:0) ustidan qozonilgan g‘alabadan buyon chempionatda zafar qucha olmayapti.
Hozirda Igor Tudor shogirdlari 31 ta uchrashuvdan so‘ng 30 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining 17-pog‘onasida bormoqda. Bevosita raqib ustidan qozonilgan g‘alaba evaziga «Nottingem Forest» londonliklarni ikki ochkoga ortda qoldirib ketdi. Ayni damda «Tottenhem»ni xavfli zonadan atigi bir ochko ajratib turibdi.