“Tottenhem” futbolchisi uchun rekord darajada transfer puli talab qilinmoqda
Londonning “Tottenhem” klubi himoyachisi Pedro Porroga Ispaniyaning “Real Madrid” va “Barselona” jamoalari qiziqish bildirmoqda. Angliya klubi esa 27 yoshli futbolchini qo‘yib yuborish uchun katta mablag‘ talab qilishni rejalashtirgan. Bu haqda TEAMtalk nashri o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Tottenhem” Porroning transferi bo‘yicha kamida 75 million funt sterlinglik takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Agar ushbu summa evaziga kelishuv amalga oshsa, ispaniyalik futbolchi o‘z pozitsiyasidagi eng qimmat transferlardan biriga aylanishi mumkin.
“Real Madrid” va “Barselona” o‘ng qanot himoyasini kuchaytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Porroning hujumdagi faolligi va Premyer Ligadagi tajribasi ikki klubning e’tiborini tortgan. Biroq “Tottenhem” futbolchini saqlab qolish niyatida va hozircha rasmiy transfer kelishuvi mavjud emas.
Ma’lumot uchun, Pedro Porro 2023-yilda Portugaliyaning “Sporting” klubidan “Tottenhem”ga qo‘shilgan. U 2026-yil yozida London jamoasi bilan besh yillik yangi shartnoma imzolagan. Futbolchining Ispaniyaga qaytishi 2027-yilgi transferlar oynasida muhokama qilinishi mumkin.