«Tottenhem» Ayvan Tonini APLga qaytarishni rejalashtirmoqda
Londonning «Tottenhem» klubi hozirda Saudiya Arabistonining «Al Ahli» jamoasida toʻp surayotgan ingliz hujumchisi Ayvan Tonini yana Angliyaga qaytarmoqchi. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, «taqachilar» bosh murabbiyi Tomas Frank sobiq shogirdini oʻz jamoasida koʻrishni istamoqda. Eslatib oʻtamiz, Frank ilgari «Brentford»da Toniga ustozlik qilgan.
Qayd etilishicha, futbolchining oʻzi garchi Saudiyadagi hayotidan mamnun boʻlishiga qaramay, APLga qaytishga tayyor. Chunki bu unga JCh-2026 uchun Angliya milliy jamoasi tarkibiga kirish imkoniyatini oshiradi.
Maʼlumot uchun, Toni 2024 yilning yozidan buyon «Al Ahli» safida toʻp surmoqda. U joriy mavsum barcha turnirlarda 4 ta oʻyinda maydonga tushib, 5 ta golga mualliflik qildi.