Toshkentda UEFA mutaxassisi ishtirokida seminar boshlandi
O'tgan yili ligalarni tizimli rivojlantirish, mutaxassislarning malakasini oshirish va o'yinchilar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan AFC-UEFA dasturi doirasida 2025–2028 yillarda ayollar futbolini rivojlantirish strategiyasi ishga tushirildi.
Ushbu strategiyani amalga oshirish doirasida bugun Toshkentda UEFA mutaxassisi Elise Kossaifi ishtirokida uch kunlik seminar boshlandi. Seminarda futbol assotsiatsiyasi, klublar va ayollar futbolini rivojlantirishdagi boshqa asosiy manfaatdor tomonlar vakillari ishtirok etmoqda.
Birinchi kuni 2025 yil natijalari sarhisob qilindi, yutuqlar tahlil qilindi va asosiy muammolar muhokama qilindi.
Ishlar yakuniga ko'ra, 2026 yil uchun ustuvor yo'nalishlar, jumladan, liga tuzilmasini mustahkamlash, klublarni rivojlantirish va mutaxassislar uchun ta'lim dasturlarini amalga oshirish belgilandi.