Toshkentda Iqtidorli murabbiylar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
27–28-aprel kunlari Milliy futbol markazida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Iqtidorli murabbiylar” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir murabbiylar malakasini oshirish, iqtidorli futbolchilarni tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish, ta’lim sifatini yaxshilash hamda seleksiya jarayonlarini ilmiy asosda takomillashtirishga qaratildi.
Konferensiyada respublikaning barcha hududlaridan tashrif buyurgan bolalar futboli murabbiylari va professional klublar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘FA vitse-prezidenti Odil Ahmedov, Milliy jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro, murabbiylar Fransesko Troise va Yevgenio Albarella o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, murabbiylarga kerakli tavsiyalar berib o‘tishdi.
Bolalar-o‘smirlar va yoshlar futbolida qo‘llanilayotgan zamonaviy metodlar, murabbiylikdagi yangi yo‘nalishlar hamda ilg‘or yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.