Toʻrt karra jahon chempionligi uchun sobiq daʼvogar bokschi vafot etdi
Amerikaning afsonaviy bokschisi, jahon chempionligi kamari uchun to‘rt karra da’vogarlik qilgan Ruben Kastilo 68 yoshida vafot etdi.
Kastilo o‘zining professional faoliyatini 67 g‘alaba, 10 mag‘lubiyat va 2 durang kabi ajoyib natija bilan yakunlagan.
U professional ringdagi yo‘lini 43-0 ko‘rinishidagi hayratlanarli g‘alabali seriya bilan boshlagan edi. Uning ilk mag‘lubiyati 1980 yilda WBC yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi yarimyengil vazn toifasida chempionlik unvoni uchun kechgan bahsda Aleksis Arguellodan qabul qilib olingan.
O‘z faoliyati davomida texaslik charm qo‘lqop ustasi Xulio Sezar Chaves, Salvador Sanches va Xuan Laporte kabi boks afsonalariga qarshi janglar o‘tkazgan. Sportni tark etganidan so‘ng, Kastilo telekommentator sifatida faoliyat yuritgan.