Topuriya MMA'dagi faoliyatini yakunlaganidan soʻng boksda debyut qilmoqchi
UFC yengil vazn toifasining amaldagi chempioni Ilya Topuriya MMAdagi faoliyatini yakunlaganidan so‘ng professional boksda debyut qilish niyati borligini yana bir bor ma’lum qildi.
«Albatta, boksda jang o‘tkazish rejalarimda bor. Shubhasiz, bu sodir bo‘ladi. Har holda, aralash yakkakurashlardagi faoliyatimni tugatganimdan keyin bu qadamni tashlayman. Boksda kim bilan jang qilishimni hozircha bilmayman. Vaqti kelganda, men jang qilmoqchi bo‘lgan vazn toifasida kim cho‘qqida bo‘lishini yoki kim jahon chempioni bo‘lishini bilmaymiz. Shuning uchun ko‘ramiz, bunday qarorga kelishdan oldin ko‘plab omillarni hisobga olish kerak», — dedi Topuriya.
Ispaniya bayrogʻi ostida jang qilayotgan sportchi professional aralash yakkakurashlarda 2015 yilning aprel oyida debyut qilgan. UFCda «Matador» 2020 yilning oktyabr oyidan buyon o‘z janglarini o‘tkazib keladi. Ilyaning rekordi 17 ta g‘alabadan iborat bo‘lib, ularning faqat ikkitasi hakamlar qarori bilan qo‘lga kiritilgan, mag‘lubiyatlari esa mavjud emas.