Toni Kroos: «Real Madrid» — bu katta oila, Florentino Peres esa o‘ta insonparvar rahbar»
Madridning «Real» klubi sobiq yarim himoyachisi Toni Kroos jamoadagi o‘zgacha muhitni ta’kidlab o‘tdi, shuningdek, «qirollik klubi» prezidenti Florentino Peresning insoniy fazilatlarini yuqori baholadi.
«Real»da o‘tkazgan ko‘p yillik faoliyatimdan so‘ng shuni ayta olamanki, bu juda insonparvar, oilaga o‘xshash klub. Bu muhit har doim yuqoridan boshlanadi. Florentino Peres birinchi kundan boshlab menga qanday munosabatda bo‘lgani, men bilan har doim qanday muloqot qilgani... Gap faqat men haqimda emas. Peres kiyinish xonasiga kirganida, o‘zidan doimo iliqlik va insoniylik taratardi. Men bu klubda mana shunday jihatlarni doim qadrlaganman. Men ko‘plab kiyinish xonalarida bo‘lganman, ko‘plab o‘yinchilar ketdi, boshqalari keldi, lekin bu muhit hech qachon o‘zgarmadi.
Men «Real»da o‘zimni juda qulay his qilganman, hatto biz boshdan kechirgan qiyin damlarda ham o‘zimni himoyalangan sezganman. Mana shu jihatlarning barchasi klubni o‘zgacha qiladi», — deya Kroosning so‘zlarini keltirmoqda AS nashri.
Eslatib o‘tamiz, germaniyalik afsona 2014 yildan 2024 yilga qadar «Real Madrid» sharafini himoya qilgan.