Toni Kroos: \"Argentina Germaniyadan ustun emas, lekin ularda Messi bor\"
Germaniya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Toni Kroos JCh-2026 finalchisi bo‘lmish Argentina terma jamoasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Nemis futbolchisi argentinaliklarning darajasini Germaniya termasi bilan taqqosladi va Lionel Messining rolini alohida e’tirof etdi.
"Argentina Germaniyadan yaxshiroq (kuchliroq) emas, biroq ularda aqlbovar qilmas mentalitet va ularni yana bir bor finalga yetaklagan Messi bor. Men Messining futboldagi intellekti (o‘yinni tushunish qobiliyati) tobora o‘sib borayotganini payqayapman. 2022-yilgi Jahon chempionati u uchun oxirgisi bo‘ladi deb o‘ylagandim, hozir esa u ikkinchi kubok g‘olibligidan bir qadam uzoqda turibdi", — deya Kroosning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda COPE nashri.
Eslatib o‘tamiz, Messi JCh-2026 turnirida hozirgacha 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Germaniya terma jamoasi esa ushbu turnirning 1/16 final bosqichida Paragvayga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etgandi. Toni Kroos 2014-yilgi Jahon chempionati finalida aynan Argentinani (qo‘shimcha vaqtlarda 1:0) mag‘lub etgan holda dunyo birinchiligi g‘olibiga aylangan.
Argentina va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi hal qiluvchi final bahsi 19-iyul kuni Nyu-Jersidagi "MetLife Stadium" stadionida bo‘lib o‘tadi.