Tonali mavsum yakuniga qadar «Nyukasl»ni tark etmaydi
«Nyukasl» markaziy yarimhimoyachisi Sandro Tonali joriy mavsum yakuniga qadar jamoasini tark etmaydi. Bu haqda nufuzli The Athletic nashri xabar bermoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, «Nyukasl» va «Arsenal» klublari o‘rtasida futbolchining transferi bo‘yicha hech qanday rasmiy muzokaralar olib borilmagan. Transfer haqidagi mish-mishlar 25 yoshli italiyalik futbolchi agentining tashabbusi bilan yuzaga kelgan — agentning o‘zi Tonalining nomzodini London klubiga taklif qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, futbolchi vakili «Arsenal» sport direktori Andrea Berta bilan bog‘langan. Berta vaziyatni o‘rganib chiqqan, biroq ushbu masala bo‘yicha amaliy harakatlarga o‘tilmagan. O‘z navbatida, «Nyukasl» rahbariyati ham ushbu transfer oynasida o‘z yetakchilaridan birini sotish niyatida emas.
Ma’lumot uchun, «Nyukasl» Sandro Tonalini 2023 yilning yozida «Milan»dan 70 million yevro evaziga sotib olgan edi. Joriy mavsumda yarimhimoyachi barcha turnirlar doirasida 35 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.