Tomas Tuxel «MYU» qiziqishiga qaramay Angliya bilan shartnomasini uzaytirdi
Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel mamlakat futbol assotsiatsiyasi (FA) bilan amaldagi shartnomasini 2028 yilga qadar uzaytirishga kelishib oldi. Jurnalist Ben Jeykobsning ijtimoiy tarmoqlardagi xabariga ko‘ra, ushbu kelashuv haqida bugun rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.
Tuxelning amaldagi shartnomasi 2026 yilgi jahon chempionatidan so‘ng yakuniga yetishi kerak edi. Biroq, murabbiyning terma jamoada ko‘rsatayotgan ajoyib natijalari rahbariyatni shartnomani muddatidan oldin yangilashga undadi.
Qayd etish joizki, germaniyalik mutaxassis «Manchester Yunayted» bosh murabbiyligiga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilayotgan edi, biroq u terma jamoadagi faoliyatini davom ettirishni afzal ko‘rdi.
52 yoshli Tomas Tuxel 2025 yil 1 yanvardan buyon Angliya terma jamoasini boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida «uch sherlar» 2026 yilgi jahon chempionati saralash bosqichini yuqori saviyada o‘tkazib, guruhda birorta ham gol o‘tkazib yubormasdan birinchi o‘rinni egallashdi. Yangi kelashuv Tuxelga jamoani nafaqat jahon chempionatiga, balki 2028 yili Angliya mezbonlik qiladigan Yevropa chempionatiga ham boshlab borish imkonini beradi.