Tomas Tuxel Deklan Raysni Angliya terma jamoasining vitse-kapitani etib tayinladi
Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel «Arsenal» yarim himoyachisi Deklan Raysni 2026 yilgi Jahon chempionatida milliy terma jamoaning vitse-kapitani etib tayinladi. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Tuxel ushbu qarorni yarim himoyachi Jud Bellingem Yangi Zelandiyaga qarshi kechgan uchrashuvning (1:0) ikkinchi boʻlimida kapitanlik bogʻichini qabul qilib olganiga qaramasdan qabul qilgan.
Avvalroq futbol ekspertlari Raysni Angliya terma jamoasining boʻlajak sardori sifatida eʼtirof etishayotgan edi. Milliy terma jamoaning amaldagi sardori esa hujumchi Harri Keyn hisoblanadi.
Maʼlumot uchun, 2026 yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadi. Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi. 2022yilgi dunyo birinchiligi finalida argentinaliklar Fransiya bilan toʻqnash kelishgan. Oʻyinning asosiy vaqti 3:3 hisobida yakunlangan, biroq penaltilar seriyasida peshqadamlik argentinaliklarga nasib etgan (4:2).