Tibo Kurtua “Manchester Siti” ishiga munosabat bildirdi
“Real Madrid” darvozaboni Tibo Kurtua “Manchester Siti”ning moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha aybdor deb topilishi yuzasidan fikr bildirdi. Belgiyalik futbolchi bu holat musobaqadagi tenglikka zarar yetkazganini ta’kidladi. Bu haqda u Onda Cero radiosining “Radioestadio Noche” dasturiga bergan intervyusida aytdi.
Kurtuaning fikricha, moliyaviy qoidalarni chetlab o‘tish orqali klub transfer bozorida qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin. “Bu musobaqaga zarar yetkazadi. Qaysidir ma’noda musobaqani buzadi. Maydonda ular o‘z kuchi bilan g‘alaba qozongan, ammo bunday holatlar bo‘lmaganida, ehtimol, ayrim futbolchilar jamoada bo‘lmasdi”, — dedi darvozabon.
Shu bilan birga, Kurtua “Manchester Siti”ning maydondagi natijalarini inkor etmadi va jamoa g‘alabalarni sport nuqtayi nazaridan o‘z kuchi bilan qo‘lga kiritganini qayd etdi. Uning e’tirozi asosan klubning moliyaviy imkoniyatlari raqobat muhitiga qanday ta’sir qilganiga qaratildi.
Ma’lumot uchun, mustaqil komissiya “Manchester Siti”ni 2009–2018-yillar oralig‘idagi ko‘plab moliyaviy qoidabuzarliklarda aybdor deb topgan. Klub esa ayblovlarni rad etishda davom etmoqda va qaror ustidan shikoyat qilishni rejalashtirgan.