Tibo Kurtua Belgiya klubi investoriga aylandi
«Real» va Belgiya terma jamoasining 31 yoshli darvozaboni Tibo Kurtua oʻzining professional faoliyatini boshlagan «Genk» klubi investoriga aylandi. Bu haqda Belgiya klubi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida rasman maʼlum qildi.
«Kuch-gʻayrat va ulkan maqsadlar oqimini his qilyapman. Ushbu investitsiya xuddi uyga qaytishdek tuyulmoqda», — deya Kurtuaning soʻzlarini iqtibos keltirgan klub rasmiy sahifasi.
Kurtua «Genk» klubiga uzoq muddatli asosda sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Ushbu majburiyat yaqin yillarda klubni mustahkamlashga xizmat qiladigan hamda 60 million yevrogacha daromad keltirishi kutilayotgan kapitalni koʻpaytirish boʻyicha keng koʻlamli dasturning birinchi bosqichidir.
Kurtua «Genk» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2011 yilda Londonning «Chelsi» klubiga oʻtib, jamoani tark etgandi. «Genk» safidagi faoliyati davomida u 45 ta oʻyinda maydonga tushib, 49 ta gol oʻtkazib yuborgan va 14 ta uchrashuvda oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.