Terma jamoamiz Budapeshtda dastlabki mashg‘ulotni o‘tkazdi
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Vengriya poytaxti Budapesht shahriga yetib borgach, kecha tunda dastlabki mashg‘ulotini o‘tkazdi.
Mashg‘ulot jamoa joylashgan «Global» mehmonxonasi yaqinidagi sport zalida bo‘lib o‘tdi. Terma jamoa a’zolarining salomatligi joyida, kayfiyatlari ko‘tarinki. Futzalchilar bo‘lajak o‘rtoqlik uchrashuvlarini jangovar kayfiyatda kutishmoqda.
O‘rtoqlik uchrashuvlari Budayörsh shahridagi «Aramis» sport saroyi zalida o‘tkaziladi.
17-sentabr
21:30 — Vengriya 🇭🇺 – 🇺🇿 O‘zbekiston
19-sentabr
19:00 — O‘zbekiston 🇺🇿 – 🇭🇺 Vengriya
Uchrashuvlar boshlanishi Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan.
Vengriya matbuoti xabarlariga ko‘ra, mazkur bahslar mezbonlar uchun kuz faslida Yevropa qit’asida o‘tkaziladigan Jahon chempionati saralash uchrashuvlari oldidan muhim tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Vengriya terma jamoasi ikki kun muqaddam Telki shahrida yig‘inni boshlagan. Mezbonlar tarkibiga bir qator yangi futbolchilar jalb etilgan bo‘lib, yig‘inda 3 nafar darvozabon va 13 nafar maydon o‘yinchisi ishtirok etmoqda.