Ten Hag: «Menga imkon bermasdan isteʼfoga chiqarishdi, Alonso bilan ham shunday boʻldi»
«Bayer» klubining sobiq bosh murabbiyi Erik ten Hag Leverkuzen jamoasidan iste’foga chiqarilgani haqida fikr bildirdi. U bu borada avvalroq madridlik «Real» bosh murabbiyligidan bo‘shatilgan Xabi Alonsoni ham eslab o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Xabi Alonso o‘tmishda «Bayer»ni boshqargan, ten Hag esa «Manchester Yunayted»da ishlagan. Hozirda Erik ten Hag Niderlandiyaning «Tvente» klubida texnik direktor lavozimida faoliyat yuritmoqda.
«Meni o‘z uslubim ishlashini isbotlash uchun imkon bermasdan iste’foga chiqarishdi. Agar mening rezyumemga qarasangiz, u doim yetarlicha kuchli bo‘lganini ko‘rasiz. Ishga yondashuvim deyarli har doim muvaffaqiyat keltirgan. Albatta, bunday holat ko‘ngilni xira qiladi, ammo futbol olami shunday.
Xabi Alonso va «Real»ga qarang. U bilan ham xuddi shunday bo‘ldi, holbuki u top-darajadagi murabbiy. Bu deyarli hamma bilan sodir bo‘ladi», — deya ten Hagning so‘zlarini keltiradi Daily Mail nashri.
Ma’lumot uchun, Erik ten Hag 2025 yil sentabr oyida «Bayer» klubini tark etgan edi.