Temur Kapadze Oʻzbekiston terma jamoasiga xayrlashuv maktubi yozdi
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Temur Kapadze oʻzining instagram sahifasida jamoa bilan xayrlashdi.
"Milliy jamoada faoliyatim nihoyasiga yetdi. Bu yillar hissiyotlar, gʻalabalar va unutilmas tajribalar bilan toʻla boʻldi. Futbolchilar, jamoa shtabi va federatsiyaga ishonch va hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiraman. Ayniqsa, muxlislarga — doimiy qoʻllab-quvvatlov, energiya va jamoaga boʻlgan ishonchi uchun katta rahmat. Bu jamoaning bir qismi boʻlganimdan faxrlanaman. Jamoaga kelgusidagi oʻyinlarda omad va yangi yutuqlar tilayman”, deya yozadi Kapadze.
Maʼlumot uchun, Kapadze 2025 yilning yanvar oyidan 6 oktyabrga qadar milliy terma jamoani boshqargan. Shu davrda u 9 ta uchrashuv oʻtkazib, 5 tasida gʻalaba, 4 tasida esa durang qayd etgan. Keyinchalik Kapadze Oʻzbekiston terma jamoasining amaldagi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroga yordamchi boʻlib faoliyat olib bordi.