Temur Kapadze: \"Ertangi o‘yinda ham 3 ochko orqali muxlislarimizni xursand qilish niyatidamiz\"


O‘zbekiston terma jamoasi ertaga, 10-iyun kuni Jahon chempionati saralashi doirasidagi so‘nggi tur uchrashuvini o‘tkazadi. Temur Kapadze boshchiligidagi jamoa Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida Qatarga qarshi maydonga tushadi. Mazkur bellashuv oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanning ikkinchi qismida mezbon O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze va hujumchi Eldor Shomurodov jurnalistlar savollariga javob berdi.
Temur Kapadze:
"Assalomu alaykum! Prezidentimiz boshchiligida butun xalqimizni g‘alaba bilan tabriklaymiz. Bayram ustiga bayram bo‘ldi. Ertangi o‘yinda ham 3 ochko orqali muxlislarimizni xursand qilish niyatidamiz.
Hozirda kayfiyat va jismoniy holat bo‘yicha bizda hammasi joyida. To‘g‘ri, Urunovda jarohat bor, ammo umid qilamizki, u tez orada safga qaytadi. Shukurovda ham kichik jarohat bor, ertaga uning holatini to‘liq aniqlab olamiz.
BAA bilan o‘yinda vazifani uddalashimiz muhimroq edi. Shu sababdan qanday uslubda o‘ynash ahamiyatga ega emasdi. Bosim yuqori bo‘lgani bois hammasini nazorat ostida ushlab turdik. Pragmatik futbol ko‘rsatdik, demagan bo‘lardim.
Qatarga qarshi esa bosim kamayadi, shubhasiz. Bizda bosim bo‘lmaydi, demayman. Har holda, muxlislarimiz va Prezidentimiz qarshisida to‘p tepish mas’uliyati bo‘ladi. Shunga qaramay, vazifani ijobiy hal qilganimiz bizdagi ko‘p bosimni kamaytirdi.
Men o‘ynagan paytda Qatar qulay raqib hisoblanardi. Biroq hozir vaziyat o‘zgargan. Qatarliklar Osiyo chempioni bo‘ldi va bu safar ham bizga muammo tug‘dira oladi. Ayta olamanki, ayni paytda ulardan har jabhada kuchlimiz. Osiyo Kubogidagi va Jahon Chempionati saralashidagi mag‘lubiyatlarda omad ular tomonida bo‘lganini ta’kidlash lozim.
Katanets bilan munosabatimiz yaxshi. U bilan Olimpiya jamoamizda ishlagan vaqtimda ham ko‘p aloqaga chiqib turardik. Mundialga chiqishimizda uning ham hissasi yuqori, albatta.
Srechkoning taqdirlanishi ham meni quvontirdi. Har bir inson munosib e’tirof etilgani uchun ham rahbariyatimizni hurmat qilaman.
Eldor Shomurodov:
"Assalomu alaykum hammaga! Avvalo qo‘lga kiritilgan Jahon chempionati yo‘llanmasi bilan barchani tabriklayman. Ertaga ham qiziqarli o‘yin bo‘ladi va umid qilamizki, g‘alaba bilan muxlislarimizga munosib sovg‘a tuhfa etamiz.
Mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritish – biz uchun yuksak natija. To‘g‘risi, nishonlash uchun hali vaqt bo‘lmadi. Lekin hozir ertangi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Xudo xohlasa, Qatar bilan o‘yinda Jahon chempionatiga chiqqanimiz bilan birga g‘alabani ham nishonlashga ulguramiz.
BAA bilan o‘yingacha vaqt juda ham sekin o‘tgandek bo‘ldi. Sababi, bu bahsni ancha kutgandik va natija juda katta ahamiyatga ega edi".
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — Qatar uchrashuvi 10-iyun, seshanba kuni bo‘lib o‘tadi. O‘yin soat 18:45 da boshlanadi.

Futbol
Kecha da 17:22

Futbol
Kecha da 15:36

Futbol
Kecha da 14:12