Tanishing, raqibimiz — Vengriya
Tanishing, raqibimiz — Vengriya!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Vengriya futzal terma jamoasiga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi munosabati bilan muxlislarimizga bo‘lajak raqibimizning futzaldagi tarixi va bugungi holati haqida qisqacha ma’lumot beramiz.
Vengriya terma jamoasi — 1986-yildan buyon xalqaro musobaqalarda ishtirok etib keladi. Dastlabki uchrashuvini 1986-yil noyabr oyida Peruga qarshi o‘tkazib, 8:3 hisobida g‘alaba qozongan. Jamoaning eng yirik g‘alabasi 2008-yilda Angliyaga qarshi qayd etilgan — 15:0. Eng yirik mag‘lubiyati esa 1999-yilda Ispaniyaga qarshi uchrashuvda kuzatilgan — 0:11.
Vengriya Jahon chempionati final bosqichida bir marta ishtirok etib, ikkinchi bosqichga qadar yetib borgan. UEFA Futzal chempionati final bosqichida esa uch marta qatnashgan.
Jahon reytingida Vengriya 30-o‘rinda turibdi.
Milliy chempionat
Vengriya Oliy ligasida ham 12 ta jamoa ishtirok etadi. Ayni paytda jamoalar 4-tur uchrashuvlarini ortda qoldirgan.
«Veszprém» barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, 12 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda 7 ochkodan jamg‘argan «Uypesht» va «Nyíregyháza» jamoalari bormoqda.
Amaldagi chempion — «Veszprém»
«Veszprém» o‘tgan mavsumda 22 uchrashuvda 59 ochko jamg‘arib, chempionlikni qo‘lga kiritgan. «Uypesht» 55 ochko bilan ikkinchi, «Nyíregyháza» esa 46 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
To‘purarlar
O‘tgan mavsum chempionatning eng yaxshi to‘purari braziliyalik Rodriges Emanul Joao bo‘lib, u 33 ta gol urgan.
«Veszprém» futbolchisi Mate Sushak 28 ta gol bilan ikkinchi, Istvan Nadnaji esa 23 ta gol bilan uchinchi natijani qayd etgan.
Ertangi uchrashuvga Vengriya terma jamoasi tarkibidan jalb etilgan Zoltan Salmash, Chaba Madyari va Attila Tot ham o‘tgan mavsumdagi sermahsul o‘yinlari bilan ajralib turgan.
Birinchi liga
Vengriyaning birinchi ligasida 7 ta jamoa ishtirok etadi. Yangi mavsum bahslari shu hafta start oldi va jamoalar hozircha 1-tur uchrashuvlarini o‘tkazishdi.
O‘zbekiston — Vengriya
17-sentabr | 21:30
19-sentabr | 19:00
Budayorsh, «Aramis» sport saroyi