Talabalar ligasining Toshkent shahar bosqichi yakuniga yetdi
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan, shuningdek, davlatimiz rahbarining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan “Talabalar ligasi” musobaqasining Toshkent shahar bosqichi yakunlandi.
Joriy yilgi musobaqada poytaxtimizdagi 66 ta oliy taʼlim muassasasi jamoalari ishtirok etdi. Bellashuvlar yuqori saviyada tashkil etilib, talabalar oʻrtasida futbolni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ommalashtirishga xizmat qildi.
Yakuniy natijalarga koʻra, “Stars” jamoasi chempionlikni qoʻlga kiritdi. “Renessans” jamoasi ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, “Westminster” jamoasi uchinchi oʻrindan joy oldi va gʻoliblar qatorida Respublika bosqichiga yoʻl oldi.
Shuningdek, musobaqa davomida bir qator individual sovrinlar ham oʻz egalarini topdi:
"Eng yaxshi darvozabon" — Fazliddin Egamnazarov (“Renessans”)
"Musobaqa toʻpurari" — Shahzod Moʻminqulov (“Stars”)
"Eng yaxshi oʻyinchi" — Fayoz Hayitmurodov (“Westminster”)
Maʼlumot uchun, joriy yilning may oyida “Talabalar ligasi” musobaqasining Respublika bosqichi boʻlib oʻtadi.