Tailandda fojia: futbolchi o‘yin vaqtida chaqmoq urishi oqibatida vafot etdi
Tailandda bo‘lib o‘tgan futbol uchrashuvi vaqtida chaqmoq urishi oqibatida 24 yoshli futbolchi Safvan Avaening hayoti fojiali tarzda yakunlandi.
Hodisa 4-avgust kuni Narathivat viloyatining Sungaykolok tumanidagi “Santiphap” stadionida o‘tkazilgan Golok FA Cup turniri bahsida sodir bo‘lgan. Kuchli yomg‘ir paytida chaqmoq futbol maydoniga urilib, bir nechta o‘yinchi yerga qulagan.
Eng og‘ir jarohatni “Yala” klubi futbolchisi Safvan Avae olgan. Unga maydonning o‘zida birinchi yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Hodisa oqibatida yana to‘qqiz nafardan ortiq kishi jarohat olgani ma’lum qilindi.
Safvan Avae 29-iyul kuni “Yala” bilan shartnoma imzolagan edi. U avvalroq “Pattani” safida 18 ta uchrashuvda 7 ta gol urib, jamoaning Tailand ikkinchi ligasiga chiqishiga yordam bergan.
Tailand futbol assotsiatsiyasi va “Yala” klubi marhum futbolchining oilasi hamda yaqinlariga hamdardlik bildirdi.