“Surxon” Termezda talabalar jamoasi “Lochin”ga mag'lub bo‘ldi
Fevzi Davletov boshchiligidagi “Surxon” jamoasi bu mavsumda muvaffaqiyatdan muvaffaqiyatsizlikka tez o‘tib turibdi — ular Superligada O‘zbekistonning sobiq chempioni “Paxtakor”ni mag‘lub etgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Kubogida Qarshining Pro-liga klubi, talabalar jamoasi “Lochin”ga yutqazdi.
Jahongirbek Abdusalomov tomonidan kiritilgan erta gol “Surxon”ni sensatsiyadan asrab qolishiga umid berdi. Biroq, “Lochin” futbolchilari kutilmaganda javob qaytarishdi.
32-daqiqada Zafar Polvonov raqib darvozabonining xato pasidan foydalanib, hisobni tenglashtirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, u ikkinchi gol muallifiga aylandi. “Surxon” futbolchilari natijani o‘zgartirishga harakat qilishgan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limning oltinchi qo‘shimcha daqiqasida yana bir gol o‘tkazib yuborishdi.
Shu tariqa, Qarshi davlat universiteti sharafini himoya qiluvchi “Lochin” jamoasi “Surxon”ni Kubokdan chiqarib yubordi va guruh bosqichini ikkinchi o‘rinda yakunlab, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
“Surxon” – “Lochin” – 1:3
Gollar: Abdusalomov, 10 – Polvonov, 32, 36, Tursunpulatov, 90+6