Superliga hakamlari va OAV vakillariga o‘yin qoidalaridagi yangi o‘zgarishlar tushuntirildi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Futbol hakamlari markazi tomonidan 2025–2026-yilgi mavsumning ikkinchi davrasiga tayyorgarlik doirasida Superliga hakamlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus seminar o‘tkazildi.
Dastlab O‘FA maydonida Superligada faoliyat yuritayotgan hakamlar jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Ular belgilangan normativlarni bajarar ekan, jismoniy holatini sinovdan o‘tkazishdi. Natijada nazoratchilar hakamlarning jismoniy holatini aniqlab olishdi.
Kunning ikkinchi qismida esa xalqaro futbol qoidalarini belgilovchi IFAB tomonidan tasdiqlangan o‘yin qoidalariga kiritilgan eng so‘nggi o‘zgarishlar — jumladan 3, 8, 9, 10, 12 va 14-bandlardagi yangiliklar hakamlar, jurnalistlar, sharhlovchilar va boshqa media vakillariga batafsil tushuntirildi.