Superliga hakamlari uchun FIFAning VAR seminari bo'lib o'tadi
20–24-fevral kunlari Milliy futbol markazida Superligada faoliyat olib boruvchi hakamlar uchun FIFAning VAR o‘quv seminari tashkil etiladi.
Mashg‘ulotlar FIFA instruktori Farhod Abdullayev rahbarligida o‘tkazilib, ishtirokchilarga VAR tizimining amaliy qo‘llanilishi, protokollar, kommunikatsiya jarayonlari hamda bahsli vaziyatlarni tahlil qilish bo‘yicha batafsil tushunchalar beriladi.
O‘quv jarayoni nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda amaliy tahlillar va simulyatsion vaziyatlarni ham qamrab oladi. Shuningdek, hakamlar vaziyatlarni o‘yinlarni boshqarish jarayoniga yaqin sharoitda tahlil qilib, amaliy mashg‘ulotlarda ham faol ishtirok etadi. Bu esa hakamlarning o‘yin davomida VARdan samarali foydalanish, tezkor va aniq qaror qabul qilish ko‘nikmalarini yanada mustahkamlaydi.
Mazkur seminar 2026-yilgi Superliga mavsumi starti oldidan hakamlarimiz uchun bilim va ko‘nikmalarni yangilash, shuningdek VAR bilan ishlashda yagona yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi.