Superkompyuter Ispaniyaning JCh-2026'dagi imkoniyatlarini baholadi
Opta Analyst oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida superkompyuterning 2026 yilgi jahon chempionatida Ispaniya milliy terma jamoasi imkoniyatlariga oid hisobotini eʼlon qildi.
Opta maʼlumotlariga koʻra, Ispaniya boʻlajak jahon birinchiligida gʻolib chiqishga asosiy daʼvogarlar reytingida peshqadamlik qilmoqda. Ispanlarning bosh sovrinni qoʻlga kiritish imkoniyati 16,1 foizga baholangan. Luis de la Fuente shogirdlarining finalga chiqish ehtimoli 25,6 foizni, yarim finalga yetib borishi 39 foizni, chorak finalga chiqishi esa 52,1 foizni tashkil etmoqda.
Guruh bosqichida Ispaniya terma jamoasi «H» kvartetidan joy olgan boʻlib, u yerda Kabo-Verde (15 iyun), Saudiya Arabistoni (21 iyun) va Urugvay (27 iyun) terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Maʼlumot uchun, jahon chempionatining final bosqichida ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Musobaqa shu yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar boʻlib oʻtadi.