Superkompyuter Argentinaning JCh-2026'dagi imkoniyatlarini baholadi
Opta Analyst oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida superkompyuterning 2026 yilgi jahon chempionatida Argentina milliy terma jamoasi imkoniyatlariga oid hisobotini eʼlon qildi.
Opta maʼlumotlariga koʻra, Argentina boʻlajak jahon birinchiligida gʻolib chiqishga asosiy daʼvogarlar reytingida toʻrtinchi oʻrinda bormoqda. Amaldagi chempionlarning bosh sovrinni qoʻlga kiritish imkoniyati 10,4 foizga baholangan. Lionel Skaloni shogirdlarining finalga chiqish ehtimoli 18,1 foizni, yarimfinalga yetib borishi 30,3 foizni, chorak finalga chiqishi esa 45,2 foizni tashkil etmoqda.
Argentina terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichida «J» guruhidan joy olgan boʻlib, guruhdan chiqish uchun Jazoir, Avstriya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Maʼlumot uchun, jahon chempionatining final bosqichida ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Musobaqa shu yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar boʻlib oʻtadi.