Sud Mbappeni “PSJ”ga 60 ming yevro to‘lashga majbur qildi
Parij apellyatsiya sudi Kilian Mbappeni sobiq klubi “PSJ” foydasiga 60 ming yevro to‘lashga majbur qildi. Qaror futbolchining advokatlari 2025-yil bahorida parijliklar hisob-raqamlariga nisbatan qo‘llagan ta’minot chorasi bilan bog‘liq. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 2025-yil 10-apreldan 25-maygacha davom etgan cheklovlar sabab “PSJ” mablag‘larining bir qismidan vaqtincha foydalana olmagan. Klub kundalik moliyaviy majburiyatlarini bajarish uchun qo‘shimcha kredit liniyasi ochishga majbur bo‘lgan. Sud aynan shu holatni inobatga olib, Mbappe zimmasiga 60 ming yevro kompensatsiya to‘lash majburiyatini yukladi.
Shu bilan birga, sud “PSJ”ning ma’naviy zarar hamda obro‘ga yetgan ziyon uchun kompensatsiya talabini qanoatlantirmadi. Klub mazkur cheklovlar ish haqlari, yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitoblar va boshqa to‘lovlarga xavf tug‘dirganini ta’kidlagan edi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil dekabrida mehnat nizolari bo‘yicha sud “PSJ”ni Mbappega qariyb 61 million yevro to‘lashga majbur qilgan edi. Ushbu summa futbolchiga berilmagan maosh, bonus va boshqa to‘lovlardan iborat bo‘lgan.