Son Hyon Min Londonga qaytib, «Tottenhem» muxlislari bilan xayrlashadi
«Los-Anjeles» klubi hujumchisi Son Xyon Min «Tottenhem»ni tark etganidan keyin ilk bor «shporlar» stadioniga qaytadi. U 9 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Chempionlar Ligasi uchrashuvida Praganing «Slaviya» jamoasi bilan o‘yindan oldin muxlislarga xayrlashuv so‘zini aytadi. Bu haqda «Tottenhem» matbuot xizmati xabar berdi.
«Yozda “Tottenhem”ni tark etish haqidagi og‘ir qarorimni Koreyada e’lon qilganim sababli, o‘z stadionimizda muxlislar bilan munosib xayrlasha olmagandim. Endi esa juda baxtiyorman — 9 dekabr kuni Londonga qaytib, muxlislarga shaxsan o‘tgan 10 yil davomida menga va oilamga ko‘rsatgan mehr-muhabbati va qo‘llab-quvvatlashi qanchalik muhim bo‘lganini aytaman. Bu hayajonli bo‘ladi, lekin bu jarayon men va klub uchun juda muhim», — deydi Son Xyon Min klubning rasmiy saytiga.
Eslatib o‘tamiz, 33 yoshli Janubiy koreyalik forvard avgust boshida «Tottenhem»dan «Los-Anjeles»ga 26 million dollarga transfer qilingandi. U bungacha «Seul», «Gamburg» va «Bayer» safida o‘ynagan, 2015 yildan 2024 yilgacha esa «Tottenhem» sharafini himoya qilgan. «Shporlar» tarkibida Son 454 ta o‘yin o‘tkazib, 173 ta gol urgan va 101 ta golli uzatma bergan. U 2024/25 yilgi Yevropa Ligasi g‘olibi bo‘lgan.