Somalilik hakam Omar Artan JCh-2026 turniriga kiritilmagani sababini tushuntirdi
Somalilik hakam Omar Abdulkadir Artan AQSh immigratsiya rasmiylari mamlakatga kirishni rad etgani sababli 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok eta olmaydigan boʻldi. Koʻngilsiz voqea Mayami xalqaro aeroportida yuz bergan. Hakam mamlakatga diplomatik pasport bilan yetib kelgan boʻlsa-da, uning ichkariga qoʻyilmagani sabablari ochiqlanmagan. Eslatib oʻtamiz, JCh-2026 bahslari 11 iyundan 19 iyulga qadar uchta davlat — AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadi.
«Nazarimda, ularning mening vatanim bilan bogʻliq muammolari bor. Yonimda barcha zarur hujjatlar joyida edi. Tegishli vizam ham bor edi. Judayam, judayam xafaman. Men shunchaki oʻz orzusini — hayotidagi eng katta orzusi boʻlmish Jahon chempionatiga borishni amalga oshirishga uringan oddiy bir hakamman, xolos», — deya Artanning soʻzlarini keltirmoqda New York Times nashri.
Omar Abdulkadir Artan Jahon chempionati final bosqichida oʻyinlarni boshqaradigan hakamlar roʻyxatiga kiritilgan ilk somalilik referi boʻlgandi. Shuningdek, u 2025 yilda Afrika futbol konfederatsiyasi talqiniga koʻra qitʼaning eng yaxshi hakami deb topilgan edi.
Maʼlumot uchun, Somali fuqarolari AQShga kirishda cheklovlarga duch keladigan davlatlar roʻyxatida turadi. Ushbu mamlakatning aksariyat fuqarolari uchun muayyan toifadagi vizalar berilishi taqiqlangan. Bundan faqat diplomatlar va tashrifi AQSh milliy manfaatlariga mos keladi deb topilgan shaxslargina mustasno hisoblanadi.