locale OZ

Sohil futboli terma jamoasining ilk yig‘ini muvaffaqiyatli yakunlandi

Poytaxtimizdagi O‘FA Terma jamoalar markazida sohil futboli bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining joriy yildagi ilk o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini muvaffaqiyatli yakunlandi.
Futbol
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sohil futboli terma jamoasining ilk yig‘ini muvaffaqiyatli yakunlandi
photo: UFA

Poytaxtimizdagi O‘FA Terma jamoalar markazida sohil futboli bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining joriy yildagi ilk o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini muvaffaqiyatli yakunlandi.

24-iyun kuni boshlangan yig‘in 30-iyun kuni ertalabgi mashg‘ulotlar bilan o‘z nihoyasiga yetdi. Bir hafta davom etgan tayyorgarlik jarayonida murabbiylar shtabi futbolchilarning jismoniy va funksional tayyorgarligini oshirish, taktik kombinatsiyalarni takomillashtirish hamda jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash ustida tizimli ish olib bordi.

Yig‘in yakunida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ahadjon Yusupov mashg‘ulotlar natijalariga yuqori baho berdi.

"Yig‘indan ham, unda ishtirok etgan futbolchilarning mehnatsevarligi va intilishidan ham ko‘nglim to‘ldi. Mashg‘ulotlarning ilk kunidagi holat bilan bugungi funksional tayyorgarlikni solishtirsak, sezilarli o‘sishni ko‘rish mumkin. Har kuni ikki mahaldan olib borilgan mashg‘ulotlar o‘z samarasini berdi. Bugun futbolchilar mashqlarni erkin, ishtiyoq va yuqori kayfiyat bilan bajarayotgani buning yaqqol isbotidir.
Sohil futboliga qiziqayotgan, o‘zini shu yo‘nalishda sinab ko‘rishni istayotgan yoshlar ham tobora ko‘paymoqda. Kelgusida tashkil etiladigan yig‘inlar va turli musobaqalar orqali yana-da iqtidorli nomzodlarni terma jamoaga jalb etishni davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, ushbu yig‘inni yuqori saviyada tashkil etishda ko‘mak bergan O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbariyatiga barcha futbolchilar nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman. Ana shunday izchil mehnat va izlanishlarni davom ettirsak, xalqaro maydonda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishimizga ishonaman", —


dedi Ahadjon Yusupov.

Mazkur yig‘in bo‘lajak xalqaro musobaqalar oldidan terma jamoa uchun muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘ldi. Mashg‘ulotlar davomida turli taktik kombinatsiyalar ustida ish olib borildi, jamoa chiziqlari o‘rtasidagi bog’lanmalar kuchaytirildi, o‘zaro hamkorlik, jipslik yanada mustahkamlandi.

Ishonchimiz komil, joriy yilgi ilk o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘liq ado etib, murabbiylar shtabi uchun ham, futbolchilar uchun ham samarali va foydali tayyorgarlik jarayoni bo‘ldi.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting