“So‘g‘diyona” qiyin ahvolda: Boskovich taqdiri so‘roq ostida
Termizda bo‘lib o‘tgan Superliganing 10-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “So‘g‘diyona” uchrashuvi kutilganidek shiddatli va dramatik tarzda o‘tdi. Turnir jadvali pastki qismida joylashgan ikki jamoaning to‘qnashuvi termizliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Boskovich masalasi – kun tartibidagi asosiy mavzu
Uchrashuv oldidan “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boskovich uchun bu o‘yin hal qiluvchi bo‘lishi mumkinligi haqida faol muhokamalar yuritilgandi. Endi esa bu gap-so‘zlar yanada kuchaydi. Jamoa yaxshi tarkibga ega bo‘lishiga qaramay, natijalar qoniqarli emas va ochkolar ketma-ket yo‘qotilmoqda.
Boskovich 2023 yildan buyon jamoaga rahbarlik qilib kelmoqda va avvalgi mavsumlarda munosib ko‘rsatkichlar qayd etgan. Ammo joriy mavsumda uning rejalarini amalga oshirish imkoni bo‘lmayapti. “Sho‘rtan”ga qarshi uchrashuvda ham jamoa omadli o‘yin namoyish eta olmagandi. Termizdagi mag‘lubiyat esa klub rahbariyati va muxlislar sabrini sinovga solmoqda.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, klub Boskovich o‘rniga bir nechta nomzodni ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida yaqinda “Andijon”ni tark etgan Aleksandr Xomyakov ham bor.