Soboszlai «Liverpul» bilan yangi shartnoma imzolashga yaqin
«Liverpul» yarim himoyachisi Dominik Soboszlai klub bilan shartnomasini uzaytiradi. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi.
Manbaga ko'ra, mersisaydliklar 25 yoshli vengriyalik futbolchi bilan yangi kelishuv bo'yicha prinsipial kelishuvga erishgan. Ayni paytda Soboszlaining amaldagi shartnomasi 2028 yilgacha mo'ljallangan.
O'tgan mavsumda Dominik barcha turnirlar doirasida 53 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol va 12 ta golli uzatma muallifi bo'ldi. U mavsum yakunlariga ko'ra «Liverpul»ning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Dominik Soboszlai 2023 yilning iyul oyidan buyon «Liverpul» sharafini himoya qilib kelmoqda. Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, uning bozor qiymati hozirda 100 million yevroni tashkil etadi.