«Slaviya» muxlislari jamoaning chempionlik o‘yinini buzib qoʻyishdi
Chexiya Ekstraligasi chempionlik pley-off bosqichining 2-turidan o‘rin olgan «Sparta»ga qarshi derbida «Slaviya» muxlislarining maydonga bostirib kirishi oqibatida jamoaga texnik mag‘lubiyat e’lon qilindi.
Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida maydon egalarining muxlislari maydonga yugurib chiqib, mehmon jamoa futbolchilariga hujum qilishdi. O‘yin to‘xtatilishiga majbur bo‘lindi, o‘sha vaqtda «qizil-oqlar» 3:2 hisobida oldinda borayotgan edi va g‘alaba ularni muddatidan oldin chempionga aylantirardi. «Sparta» futbolchilari maydonni tark etishdi va qaytib chiqishdan bosh tortishdi.
Futbol ligalari assotsiatsiyasining Intizom qo‘mitasi «Slaviya» klubini 10 million kron (taxminan 410 ming yevro) miqdorida jarimaga tortish va jamoaga texnik mag‘lubiyat yozish haqida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, «qizil-oqlar» navbatdagi to‘rtta uy uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazadigan bo‘ldi. «Slaviya» rahbariyati ushbu jazo ustidan apellyatsiya bermaslikka qaror qildi.
Mavsum yakunlanishiga uch tur qolganida «Slaviya» 74 ochko bilan Chexiya chempionati turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Sparta» esa 69 ochko bilan ikkinchi pog‘onani egallab turibdi.