Skaloni: «Messi bilan maslahatlashmasdan turib hech qanday qaror qabul qilmayman»
Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni jamoa hujumchisi Lionel Messining tarkibdagi o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Hech kimga, hatto Messiga ham zaxiraga olinishi yoqmaydi. Men Messi bilan maslahatlashmasdan turib hech qanday qaror qabul qilmayman. Bu yerda hamma narsani men hal qilaman, deyish mutlaqo ma’nosiz. Biz qabul qilinayotgan barcha qarorlarni doimo Messi bilan birgalikda muhokama qilamiz. Undan ahvoli qandayligini, fikri qanaqaligini so‘rayman va umumiy bir to‘xtamga kelishga harakat qilamiz.
Menimcha, barchasi shunday bo‘lishi kerak. Chunki u maydonda qiyinchiliklarga duch kelgan taqdirda ham jamoamizga ulkan foyda keltira oladi. U juda ko‘plab xavfli vaziyatlarni sodir etish va yaratishga qodir», — deya Skalonining so‘zlarini keltirmoqda Olé nashri.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha JCh-2026 musobaqasi 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Argentina terma jamoasi amaldagi jahon chempioni hisoblanadi. 2022 yilgi mundial finalining asosiy vaqti 3:3 hisobida yakunlangan va penaltilar seriyasida argentinaliklar Fransiyadan ustun kelgan edilar (4:2).