locale OZ

Skaloni kelajagi haqida: «Dekabrgacha ishlayman, keyin esa to‘xtashim mumkin»

Lionel Argentina terma jamoasini 2018 yildan buyon boshqarib kelmoqda.
Skaloni kelajagi haqida: «Dekabrgacha ishlayman, keyin esa to‘xtashim mumkin»
ФОТО: Getty images

Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni Jahon chempionati yakunlanganidan so‘ng o‘z kelajagi haqida fikr bildirdi.

«Hali Leo Messi bilan gaplashmadim. Avvalo, federatsiya prezidenti bilan uchrashaman. Nima qilishimni taxminan bilaman: shartnomamni bajarib, dekabrgacha ishlayman, keyin esa, ehtimol, to‘xtayman. Rostini aytsam, hammasini yaxshilab o‘ylab chiqishim kerak. Ilgarigidek buyuk natijalarga erisha olamanmi-yo‘qmi, bilmayman.

Argentina terma jamoasini boshqarish — har qanday murabbiyning orzusi. Biz murabbiylar shtabi va futbolchilar bilan birgalikda so‘nggi daqiqagacha bor kuchimizni berdik. Ammo hozir hammasini qaytadan tahlil qilishim uchun vaqt kerak. Ishni davom ettirish uchun kuch to‘plash, o‘zimni qayta tiklash va yangi jamoa qurish lozim. Erishgan yutuqlarimizni takrorlash juda qiyin bo‘ladi. Ayni paytda men uchun bu oson emas.

Dekabrgacha hali vaqt bor. So‘nggi haftalarda butun e’tiborimiz jahon chempionati va futbolchilar o‘yinini tahlil qilishga qaratilgan edi. Shuning uchun kelajagim haqidagi masala hozircha na men, na federatsiya uchun dolzarb emas», — dedi Skaloni.

Matbuot anjumani davomida 48 yoshli mutaxassis hissiyotlarini jilovlay olmay, ko‘zlariga yosh oldi.

Eslatib o‘tamiz, Lionel Skaloni Argentina terma jamoasini 2018 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida jamoa 2022 yildagi Jahon chempionati, ikki marta Amerika Kubogi va Finalissima musobaqasida g‘alaba qozongan. Amaldagi shartnomasi 2026 yil dekabr oyigacha mo‘ljallangan.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting