locale OZ

Skaloni Argentina terma jamoasini tark etishi mumkin — uchta sabab ma’lum bo‘ldi

Skalonining Argentina terma jamoasi bilan amaldagi shartnomasi 2026-yil dekabr oxirida yakunlanadi.
Skaloni Argentina terma jamoasini tark etishi mumkin — uchta sabab ma’lum bo‘ldi
Foto: Getty Images

Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni yil oxirida o‘z lavozimini tark etishi mumkin. Jurnalist Gustavo Yarroch ma’lumotiga ko‘ra, mutaxassisning kelajagi borasida ikkilanishiga uchta asosiy sabab bor. Skaloni terma jamoani sakkiz yildan beri boshqarib kelmoqda.

Birinchi sabab — Lionel Messi va boshqa tajribali futbolchilar ketganidan keyin jamoani yangidan shakllantirish zarurati. Skaloni yangi avlod asosida terma jamoani qayta qurish katta kuch va motivatsiya talab qilishini tushunadi hamda uzoq yillik faoliyatdan so‘ng bunga tayyor ekaniga to‘liq ishonch hosil qilmagan.

Yana bir muammo Argentina futbol assotsiatsiyasining futbolchilar va murabbiylar shtabi oldidagi moliyaviy qarzdorligi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Skaloni terma jamoaning o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etilishidan ham norozi. Murabbiy kuchli raqiblarga qarshi o‘ynashni istamoqda, biroq federatsiya ko‘pincha saviyasi pastroq jamoalar bilan uchrashuvlar tashkil qilayotgani aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, Skalonining Argentina terma jamoasi bilan amaldagi shartnomasi 2026-yil dekabr oxirida yakunlanadi. U 2018-yildan buyon jamoani boshqarib kelmoqda va bu davrda Argentina 2022-yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024-yillardagi Amerika Kubogi hamda 2022-yilgi Finalissimada g‘olib chiqdi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting