Simeone: \"Xulian Alvares Madrid derbisida maydonga tushadi\"
“Atletiko Madrid” bosh murabbiyi Diego Simeone Xulian Alvares “Real Madrid”ga qarshi derbida jamoa safida bo‘lishini tasdiqladi. Argentinalik hujumchi mushaklaridagi zo‘riqishdan tiklanib, umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarga qaytdi. Bu haqda Simeone o‘yinoldi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, murabbiy Alvaresning boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi yoki ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilishini hozircha hal qilmagan. “U biz bilan bo‘ladi. Keyin uni asosiy tarkibda boshlatish yoki ikkinchi bo‘limda maydonga tushirishga qaror qilamiz”, — dedi Simeone.
Alvares o‘tgan haftadagi mashg‘ulotlardan birida mushaklarida zo‘riqish sezgani sabab “Real Sosyedad” va “Osasuna”ga qarshi so‘nggi ikki uchrashuvni o‘tkazib yuborgan edi. Hujumchi juma kuni mashg‘ulotlarga bosqichma-bosqich qaytdi, shanba kuni esa jamoa bilan to‘liq shug‘ullandi.
Ma’lumot uchun, Madrid derbisi 20-sentabr kuni “Metropolitano” stadionida bo‘lib o‘tadi. Alvares “Real Madrid”ga qarshi faoliyati davomida 9 ta uchrashuvda 5 ta gol urgan.