Simeone Xulian Alvares haqida: “Biz uning baxtli bo‘lishini istaymiz”
“Atletiko” bosh murabbiyi Diego Simeone hujumchi Xulian Alvares atrofidagi vaziyatga yana bir bor munosabat bildirdi. Argentinalik mutaxassis transfer oynasi yopilganidan keyin futbolchining bor e’tiborini Madrid klubidagi faoliyatiga qaratishi kerakligini ta’kidladi.
“Menimcha, hayot doimo yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Hozir Xulianda ham shunday imkoniyat bor. Biz ko‘pincha boshqalarni hukm qilish bilan band bo‘lamiz, aslida esa kamroq hukm qilib, ko‘proq xulosa chiqarishni o‘rganishimiz kerak. Umid qilamanki, bu vaziyat unga saboq bo‘ladi”, — dedi Simeone.
Murabbiy Alvaresning jamoada o‘zini yaxshi his qilishi “Atletiko” uchun muhim ekanini ham qayd etdi. “Biz uning baxtli bo‘lishini istaymiz. Kecha Futre unga juda chiroyli videomurojaat yo‘lladi. Endi Xulian o‘z baxtini gollar bilan ko‘rsatsin”, — deya qo‘shimcha qildi Simeone.
Ma’lumot uchun, Alvares yozgi transfer oynasida “Barselona”ga o‘tish istagini bildirgan, biroq “Atletiko” uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibiga sotishni istamadi. 26 yoshli hujumchining Madrid klubi bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilgacha mo‘ljallangan.